Aziz NЕSIN XO‘JA NASRIDDINNING

ساخت وبلاگ

Aziz NЕSIN 

XO‘JA NASRIDDINNING IKKI HAYOTI


Og‘ir ehtiyoj tufayli Sharqiy Onado‘lidan Istanbulga ko‘chib borgan tariqatchi Abdul Azizning o‘g‘li Aziz Nesinning asl ismi Nusratdir. U siyosiy mavzularda hajviy felyeton va hikoyalar yoza boshlaganida shu taxallusni tanlagan edi. Turkiyada va boshqa mamlakatlarda u shu nom bilan mashhur bo‘lib ketdi. Bir necha roman, pyesalar, memuar, ko‘plab hikoyalar muallifi bo‘lgan Aziz Nesinning Turkiyada ellikdan ziyod kitobi bosildi. Chet ellarda ham ko‘plab asarlari nashr etildi. Uning hajviy hikoyalari bir necha bor mukofotlarga sazovor bo‘lgan.
 Aziz Nesinning “Xo‘ja Nasriddin haqida tadqiqot» maqolasining e’tiboringizga havola qilayotgan ushbu qismi katta asardan bir parcha xolos. Yaqin Sharq o‘lkalari xalqlarining mushtarak dono qahramoni bo‘lgan Mulla Nasriddin va uning latifalari haqida tadqiqot ishlari olib borayotganlar hamda keng o‘quvchilar ommasi uchun bu asar foydadan holi bo‘lmasa kerak.


Shu kunga qadar ko‘plab yozuvchi va mutafakkir faylasuflar hajviyaga ta’rif berish borasida turlicha fikr bildirishgan. Bunday fikr va mulohazalar tadqiq qilinsa, ularning ko‘pchiligi bir-biriga zid ekanligini ko‘rish mumkin. Xullas, hajviyaning nima ekanligi haqida qat’iy bir to‘xtamga kelingani yo‘q.

Hajviya singari ijtimoiy mavhum narsa haqidagina emas, balki ko‘plab aniq mavhumlar haqida ham muayyan fikrga kelingani yo‘q. Masalan, “Qadah” tushunchasini olaylik. Bu so‘zni aytganimiz zahoti barchamiz ayni bir narsani o‘ylasak ham, aslida u tasavvurimizda turli holatda jonlanadi. Chunki qadahning bir qancha turi va shakli mavjud: shisha qadah, billur qadah, chinni yoki sopol qadah, dastali, dastasiz, uzun va kalta qadah.. Demak, qadah so‘zini talaffuz qilgan odam ushbu ashyoning o‘nlarcha xilidan qaysi birini nazarda tutganu, biz qanday qadahni nazarda tutayapmiz — aynan bir xil emas. Qadah so‘zini ishlatgan odam va uni eshitgan kishi faqat bir masalada — uning qaysi maqsadda ishlatilishi borasidagina mushtarak tasavvurga ega bo‘ladi.

Shu tariqa muayyan va ko‘p ishlatiladigan shunday mavhum bir narsa haqida hamma qat’iy va ayni tasavvurga ega bo‘lmagan holda hajviya singari jamiyatlarga, sinflarga, shuningdek, boshqa ko‘plab omillarga bog‘liq bo‘lgan majhul atama xususida uzil-kesil tushunchaga ega bo‘lish yanada qiyin. Hajviyaga juda xilma-xil ta’riflar berilganining boisi ham shunda. Chunki har bir shaxs hajviyaga o‘z tushunchasiga va tasavvuriga ko‘ra baho beradi.

Hajviyaning turlicha bo‘lishi alohida-alohida jamiyatlarda, turli sharoitlarda maydonga kelishi va ayni jamiyatda boshqa-boshqa sinflarga xos ekanligi natijasidir. Turmush tarzi bir-biriga o‘xshash va yaqin bo‘lgan jamiyatlarga mansub xalqlar bir-birining hajviyasini nihoyatda oson tushunganlari holda, oralarida o‘xshashlik va yaqinlik bo‘lmagan o‘lkalarning xalqlari bir- birining hajviyasiga begona bo‘lib qolveradilar. Lekin hajviyada asl ziddiyat sinflar o‘rtasidagi qarama- qarshilikdan tug‘iladi. Ayni millatlar bo‘lgan boshqa-boshqa sinflarning hajviyasi bir-biridan farq qiladi. Buning aksicha, turli millat kishilarining ayni sinfiga mansub hajvlar bir-biriga yaqin bo‘ladi.

Xo‘ja Nasriddin hajviyasining umumiy ahamiyatga ega ekanligi o‘xshash sharoitlar ta’sirida bo‘lgan xalqning mushtarak tuyg‘u va tushunchalarini ifodalashi tufaylidir. Mana shunday boshqa-boshqa turlarga, o‘zaro farqlarga ega bo‘lgan hajviyada mavjud umumiy mohiyat — uning kuldiruvchi unsurga molik ekanligidir. Qaysi millatga, qaysi sinfga mansubligidan qat’iy nazar, hajviyaning asosiy xususiyati kuldirishdir. Shuning uchun ham unda kuldiruvchi unsurlar bo‘lishi vojibdir.

Kuldiruvchi unsur nima? Bu haqda va umuman hajviya haqida to‘liq tasavvur hosil qilish uchun biz hajvning ko‘plab turlaridan biri — xalq hajviyoti haqida to‘xtalmoqchimiz. Bunga namuna sifatida Nasriddin Xo‘ja latifalarini olishni lozim ko‘rdik.

Hajviya namunalarini tadqiq qilarkanmiz, bularda eng avvalo ikkita katta farqni ko‘ramiz. Rohat-farog‘atda yashayotgan jamiyat bilan og‘ir ahvolda turmush kechirayotgan jamiyat hajviyoti orasida farq bo‘lgani singari, ayni jamiyatda yashayotgan og‘ir ahvoldagi kishilar bilan ozchilikni tashkil qiluvchi farovon odamlar orasida ham katta farq bor. Mavzuimiz Nasriddin Xo‘ja latifalari bo‘lgani uchun, biz bir necha namunani misol keltirish orqali shu farq nimadan iborat ekanini ko‘rsatmoqchimiz.

Keng tarqalgan quyidagi latifalarga e’tibor bering: Bir bolaning onasi hamisha uning o‘ng yuzidan, otasi esa chap yuzidan o‘pgani uchun bola o‘ng betni “oyimning yuzi”, so‘l tomonini “otamning yuzi” der ekan. Bir kuni ularnikiga mehmonga kelgan kishi bolaning o‘ng betidan o‘pgan. Bola hovliqib mehmonlar o‘tirgan xonaga kirib:

— Ota, — dedi, — mana bu amaki oyimning yuzidan o‘pdi.

Boshqa bir misol: “Bir kishi yonidagilardan so‘rabdi: — Ko‘lingizda bitta durbin, bitta iskak va gugurt qutisi bo‘lsa, shular yordamida sherni ovlay olasizmi?

— Albatta, — debdi ikkinchisi. — Durbinning teskari tomoni bilan sherga qarayman. U kichkina bo‘lib qoladi. Shunda uni iskak bilan ushlab gugurt qutisiga joylayman”.

Endi bo‘lsa Nasriddin Xo‘ja latifalaridan ikkita misol keltiramiz.:

1. Nasriddin Xo‘ja bolalarga yong‘oq ulashayotib: Sizlarga gul ulush beraymi, yoki xudo ulushi? — deb so‘rabdi.Bolalar “xudo ulushi” deyishibdi bir ovozdan. Shunda Xo‘ja ba’zilarga bir hovuch, ba’zi birovlarga to‘rt-beshtadan yong‘oq beradi. Ayrimlariga esa hech narsa bermaydi va “xudo ulushi” shunday bo‘ladi, deb tushuntiradi. — Ko‘ryapsizlarmi, bekning o‘n suruv qo‘yi bor, xo‘janing og‘il to‘la moli — Muhammadning bitta sigiri, Ahmadning yolg‘izgina echkisi bor. Valining esa hech vaqosi yo‘q”.

2. Xo‘ja Nasriddin bozorga olib borgan kurkasi uchun besh tanga so‘ragan edi, xaridor hayron bo‘ldi: — Nima deyapsan, kurka ham besh tanga turadimi.

Xo‘ja nariroqda sotilayotgan to‘ti qushni ko‘rsatibdi: — Nega hayron bo‘lasan, ana mushtday qushni o‘n tangaga sotishyapti-ku. Shuncha katta kurka nega besh tanga turmasin?

— Shundayku-ya, — depti xaridor, — axir u qush gapirishiniyam hisobga oling-da.

Xo‘ja bo‘lsa: mening kurkam esa o‘ynaydi, — debdi.

Namuna tariqasida keltirgan ushbu misollar bitta vazifani bajaradi: hammasi kuldiradi. Lekin ular orasida muhim farq borligini sezish qiyin emas. Bu farq nimadan iborat? Oldingi ikki latifa bir qadar sun’iy, haqiqiy hayotga aloqasi bo‘lmagan, faqat “kuldirish uchun kulish” mohiyatiga molik hajviyalardir. Buning aksi o‘laroq keyingi latifalarda hayot haqiqati o‘z aksini topgan. Ular kishini kuldirish bilan bir qatorda o‘ylatadi ham. Avvalgi ikki latifa farovon hayot kechirayotgan aholining, jamiyatda ozchilikni tashkil qiluvchi to‘daning kulishiga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. Bular hayot ziddiyatining mahsuli emas. Keyingi latifalar esa odamlar orasidagi kurash va zidsiyatlardan vujudga kelgan. Bu kurash va ziddiyatlar ezilgan, toptalgan, o‘zgalarning rohati uchun ishlashga majbur odamlarning hayotiy kuchini ifodalash uchun to‘qilgan latifalardir. Bunday asarlar sirasiga Xo‘ja Nasriddin latifalarini, “Don Kixot”ni, Aristafan komediyalarini, Aysiros hikoyalarini, afsonaviy xalq qahramonlari haqidagi latifa va hikoyalarni kiritish mumkin.

Hajviyaning shu umumiy farqini va ikki yirik turini ko‘rganimizdan so‘ng, chalkashliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun ularga aniq ta’rif berishdan voz kechib, Xo‘ja Nasriddin latifalari ham daxldor bo‘lgan xalq hajviyotining ba’zi xususiyatlarini ta’kidlamoqchimiz.

Avvalo, xalq hajviyoti va xalqqa mansub bo‘lmagan hajv xususida to‘xtalaylik. Xalq hajviyotining muhim xususiyati shundaki, u yashash uchun kurashda mazlum kishilarning ustunlikka erishish yo‘lida foydalanadigan qurolidir. Jamiyatdagi hokim sinflar ustunlikni moddiy jihatdan qo‘lga kiritganlar. Eziluvchilar esa hokim sinfga qarshi kurashish uchun hajvdan qurol sifatida foydalanadilar. Bunday hajviya siyosiy va ijtimoiy nuqtai nazardan kuchsizlarning kuchlilarga qarshi ishlatuvchi qurolidir.

Hajviyaning muhim xususiyati uning ma’lum makon va zamonda bo‘lishidir. Xalq hajviyoti paydo bo‘lgan davriga, makonga, zamon va joy sharoitiga bog‘liq bo‘ladi. Hajviya jamiyatda yuz berayotgan hodisalar bag‘rida paydo bo‘ladi. Shu hodisani aks ettirib, o‘zi ham takomillashib boradi. Hukmron sinflarning faqat “kuldirish uchun kulish” hajvida esa davrni, jamiyatni aks ettirish xususiyati yo sira yo‘q, yoxud nihoyatda oz miqdordadir.

Xo‘ja Nasriddinning ba’zi latifalaridagi kabi xalq hajviyasining ayrim namunalarida ham zamon va makon uygunligining buzilish holatini uchratish mumkin. Lekin ularda ham makon va zamonning muayyan birligini ko‘rsa bo‘ladi. Chunki bunday latifalarning o‘zida biz uni yaratgan odamlar yashagan davr va jamiyatga doir biror maqsad mavjudligini ko‘ramiz. Bunday hajviya xoh Aristafanning komediyalari singari yozma tarzda, xoh Xo‘ja Nasriddinning latifalari singari og‘zaki shaklda bo‘lsin, uni yaratgan jamiyat ahvolini aks ettiruvchi, o‘sha davrni tasvirlovchi eng yaxshi asarlardir. Sirakuza hukmdori Dionisos Aflotundan Afinaning qonunlarini qaysi kitobdan o‘rgangan ma’qul, deb so‘raganida, buyuk faylasuf unga Aristafan komediyalarini o‘qishni maslahat bergandi. Biz ham Turkiyada XIII asr Saljuqiylar davri ila tanishmoqchi bo‘lganlarga Xo‘ja Nasriddin latifalarini o‘rganishni tavsiya qilamiz.

Xalq hajviyasidagi yana bir muhim xususiyat uning o‘lmasligi, abadiy yashashidir. Bu hajviya yaratilgan zamon va makon sharoitiga bog‘liq bo‘ladi. Lekin ularning xususiyatlarini va vaziyatini aks ettirish bilan kifoyalana olmaydi. Agar shunday bo‘lsaydi, bunday hajvlar asrlar osha yashay olmas va bizgacha yetib kelolmasdi. Hajviya muayyan davrdagi va jamiyatdagi odamlarning kurashidan umumbashariy, buyuk va teran ma’no, xulosalar chiqargani uchun abadiy hayot kasb etadi. Bunga misol tariqasida Xo‘ja Nasriddin bilan Amir Temur o‘rtasida yuz bergan bir hodisaga oid mashhur latifani keltirish mumkin. Amir Temur ishg‘ol qilingan Oqshaharga keltirgan bir fil tomorqalarga, bog‘-rog‘larga katta ziyon yetkaza boshlaydi. Noiloj qolgan xalq Xo‘ja Nasriddin huzuriga keladi: “Xo‘ja, ahvol og‘ir, biror chora toping”, “Qani, men bilan yuringlar, — dedi Xo‘ja, — birgalashib Amir Temurga tushuntiraylik, filni bu yerdan olib ketishni iltimos qilaylik”. Xo‘ja oldinda, boshqalar orqasidan yo‘lga tushishdi. Yo‘l-yo‘lakay Amir Temurdan qo‘rqib, ba’zilar to‘dadan ajralib qolishar, ba’zilar yashirincha juftakni rostlardi. Xo‘ja Amir Temur huzuriga yetib keldi. Sohibqiron undan maqsadini so‘raganda Xo‘ja: “Sizning o‘sha filingiz…” — deya so‘z boshlarkan, hamrohlaridan madad kutib mundoq orqasiga qarasa, hech kim yo‘q. U “filingiz…” — deb so‘z boshlagani uchun davom etadi: “… bir o‘zi juda ham zerikayapti-da. Iltimos qilamiz, unga sherik bo‘lish uchun bitta urg‘ochi fil keltirtiring. Hamshaharlarim meni sizning huzuringizga shu istak bilan yuborishdi..”

Bu latifa XIII asr Saljuqiylar hokimiyati davrini va ijtimoiy hayotini aks ettirish bilan birga o‘sha zamon odamlari va jamiyatidagi qo‘rqoqlik, ikkiyuzlamalik va riyokorlik kabi inson tabiatiga xos nuqsonlarini namoyish etadi. Shu sababdan latifa unutilmaydi. Xo‘ja Nasriddin bilan Amir Temurning zamondosh bo‘lmaganliklari ushbu latifaning Xo‘ja Nasriddinga mansub bo‘lishiga va o‘sha davrni aks ettirishiga monelik qilmaydi. Kundalik hodisalar ta’sirida milliy zaminda vujudga kelgan bu latifalarda inson tabiatining uzluksiz davom etadigan nuqson va kamchiliklari hajv qilingani uchun ular abadiy yashaydi va umumiy qiymat kasb etadi.

Hajviyaning yana bir xususiyati haqida: kuchli bir odam ojiz kishini urganida u o‘zini himoya qilolmay qochadi. Bordi-yu qochib qutulmasa, o‘zini hamoya qilish uchun boshqa yo‘l tutadi: tosh otadi, so‘kinadi, la’natlaydi, baqirib-chaqira boshlaydi. Bu ham kifoya qilmasa, dushmanni avrashga kirishib, ham jahlidan tushiradi hamda undan “o‘ch olgan” bo‘ladi.

Biz xalq hajviyotining ba’zi xususiyatlari haqida shaxsiy mulohazamizni bildirdik. Ko‘rinib turibdiki, xalq o‘zini ezuvchilarga qarshi hamisha bosh ko‘tarishga, turli yo‘llar bilan noroziligini namoyish qilishga jon kuydiradi. Ammo bosh ko‘targanda, isyon qilganda yangidan ezilsa, u xalos bo‘lish yo‘lini hokim sinfga qarshi hajv vositasida kurashdan topadi.

Xalqqa istilochi va mustabid kuchlar yoki ular bilan hamkorlikda ish ko‘ruvchi hukmron doiralar ham zulm qilardi. Xo‘ja Nasriddin yashagan XIII asrda Turkiya xalqining ahvoli aynan shunday edi. Xuddi shu asrda Saljuqiylar davlati yerlari mo‘gullar tomonidan bosib olingan, Saljuqiy hukmdorlar, beklar va amaldorlar esa o‘z manfaatlari uchun mo‘g‘ullar bilan birgalikda xalqqa qarshi ish yuritishgan. Shunday bir sharoitda xalq zolimlarga qarshi kurash uchun hajviyaga murojaat qiladi. Shu vosita yordamida dushmandan o‘ch oladi.

Mag‘lubiyatning bunday hajviyoti ayni paytda qo‘rquv tufayli tutilgan edi. Ancha-muncha tashabbuslardan, tajribalardan keyin endi bosh ko‘tarishga, isyon qilishga jasorati yetmagan odamlar ezuvchilarni chalg‘ita boshlaydilar. Ma’lumki, eziluvchi sinf xoh milliy amaldorlarga, xoh bosqinchi zulmkorlarga qarshi bosh ko‘tarsa, hajvga unchalik ehtiyoj qolmaydi. Bordiyu u dushmandan yengilib xor-zor yashay boshlasa, hajv qurolini yana qo‘lga oladi. Shunday muhitda hajvning yoyilishi uchun keng sharoit vujudga keladi.

Bunday hajv qo‘rquvning mahsuli bo‘lgani uchun muvaffaqiyatlidir. Chunki qo‘rquv ham eng kuchli tuygulardandir. Yozilmagan yoki san’atkor emas, oddiy xalq ijodining mahsuli bo‘lgan og‘zaki hajv — kulgining qo‘rquvdan tug‘ilishi diqqatni yanada ko‘proq jalb qiladi. Xalq shunday vaziyatlarda afsonaviy qahramonlar yaratadi. O‘zi to‘qigan hajviy intiqom tuyg‘ularini ana shu afsonaviy qahramonlarga bog‘lab, ularning tilidan gapirish orqali qo‘rqoqligi tufayli orttirgan «gunohini yuvishga harakat qiladi. Buning eng yaxshi namunasini yana Xo‘ja Nasriddinda ko‘rishimiz mumkin.

Xalq o‘zi yashayotgan davrdagi hukmron kuchlarni va amaldorlarni hajv qilmoqchi yoxud ular ustidan kulmoqchi bo‘lsa, yo vaziyatga hamohang biror Xo‘ja Nasriddin latifasini to‘qir yoki manbadan olingan latifani afandi nomiga bog‘lab Xo‘ja Nasriddin hikoyasiday taqdim qilardi. Bu latifalarning borgan sari boyib borishiga sabab ham shunda. Biz Usmoniylar hukmronligi davrida bolgar xalqi yaratgan Xitar Petar (Ayyor Pyotr. XDK izohi) ismli afsonaviy bir qahramonni eslashni lozim topdik. Hukmron kuchlarga qarshi ochiq kurash olib borolmagan bolgarlar Usmoniylar hokimiyatiga qarshi to‘qigan barcha hajviy latifalarni Petarning nomidan gapirib, o‘zlariga uni qalqon qilishardi. Ammo hamisha va hamma joyda ham bunday qahramonlar yetishavermasdi.

Endi Xo‘janing yashagan muhiti va davri haqida to‘xtalsak. Shu kungacha to‘plangan va ishonchli ma’lumotlarga qaraganda, Xo‘ja Nasridsin 1208-1284 yillarda yashagan va umrini Markaziy Onado‘lidagi Oqshahar kentida o‘tkazgan tarixiy shaxsdir. Haqiqatan ham tarixiy shaxs bo‘lgan bu odam keyinroq xalq tomonidan ancha to‘ldirilgan latifalarda komil zako sohibiga aylantirilgan edi. U yashagan davrdan keyin o‘tgan asrlar davomida xalq tomonidan yaratilgan Xo‘ja Nasriddinning ijtimoiy shaxsiyati bilan XIII asrda yashagan Xo‘ja Nasriddin o‘rtasida o‘xshashlik, yaqinlik bo‘lmaganda edi, barcha latifalar uning nomidan gapirilmasdi. Xo‘ja Nasriddin ayrim xalqlar yaratgan latifalarning afsonaviy qahramonlari singari tamomila xalq ijodining mahsuli bo‘lgan xayoliy shaxs emas. Chunki u dunyoda yashab o‘tganini tasdiqlaydigan dalillar oz bo‘lsa ham mavjud. Ana shu dalillarga ko‘ra, Xo‘ja Nasriddin tarixiy shaxs, keyinchalik u xalq orasidagi keng tarqalgan Xo‘ja Nasriddin, Mulla Nasriddin, Nasriddin Afandi nomlari bilan atalgan afsonaviy xalq qahramoni haqidagi latifalarning moyasi, xamirturishidir. Ammo ijtimoiy shaxs sifatida shuhrat qozongan Xo‘ja Nasriddin tarixiy Xo‘ja Nasriddin shaxsiyatidan ancha ustun va e’tiborlidir. Biz bugungi kunda latifalari bilan yashayotgan Xo‘ja Nasriddin deganda tarixiy shaxs bo‘lgan Xo‘ja Nasriddindan ham ko‘proq ijtimoiy shaxs Xo‘ja Nasriddinni tushunamiz. Bu tarixiy shaxsning yaratilishiga yaqin bir o‘xshashlik borligi uchun Bertran Rasselning Homerga va uning asarlariga doir mulohazasiga e’tiborni qaratmoqchimiz. Rassel shunday yozadi: “Homerga aloqador bo‘lgan barcha ma’lumotlar va mulohazalar faqat taxminlarga asoslanadi. Ammo ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan xulosaga ko‘ra, Homer yakka- yolg‘iz san’atkor emas, balki shoirlar guruhidan iboratdir. Shu aqidaga ishonuvchilarga ko‘ra, “Iliada” va “Odisseya”ni ana shu shoirlar guruhi ikki-uch asr mobaynida yozishgan. Buning aksi o‘laroq, Homer dostonlarining taxminan XIII asrda yozib tugatilgani haqidagi g‘oyani ilgari suruvchilar ham bor. Homer yunon Kichik Osiyosi atrofidagi orollarda yetishgan komil bir shaxs edi. Uning dostonlari esa kechi bilan VI asrda hozirgi shakliga kelgandi”. Xo‘ja Nasriddin latifalari va bu latifalar hikoya qilgan ijtimoiy shaxsning o‘zaro aloqasi bilan Homer dostonlarining asrlar davomida yaratilishi orasida katta o‘xshashlik bor.

Xo‘ja Nasriddin Saljuqiylarning madaniy va siyosiy yuksalish davrida tug‘ilgan, bolaligi va yoshligini xalqning nisbati mas’ud davrida o‘tkazgandi. Lekin mo‘g‘ullar Sharqdan zulm va falokat seli kabi oqib kelib hammayoqni xonavayron qilgan paytda yashagandi. Mo‘g‘ul istilosi natijasida iqtisodiy jihatdan kambag‘allashgan, ijtimoiy jihatdan cho‘kkan, siyosiy tazyiqlar natijasida har tomonlama chirigan bir muhitda mo‘g‘ullar tomonidan mag‘lub qilingan xalqning amalga oshirib bo‘lmaydigan isyonkor orzularini hajv yo‘li bilan ifodalangan va shu tariqa xalqning bunday og‘ir sharoitda yashay olishini, yuragini bo‘shatib, ovunishini ta’min etgan Xo‘ja Nasriddin ham tarixiy bir shaxs hamda ramziy bir obraz edi.

Bu hajviya Saljuqiylar davlatining zaiflashuvi va yiqilishi sharoitida chirigan va yovuzliklar avj olgan muhitdan ko‘karib chiqqan edi. Shu o‘rinda bir narsani oydinlashtirish kerak. Shu darajada chirigan bir jamiyatda hajviya qanday paydo bo‘lishi mumkin? Buning javobi oson. Axir hajviya xalqning yashash iqtidorini, uning mag‘lub bo‘lgani holda ezuvchilarga qarshi boshqa yo‘llar bilan olib borayotgan kurashini aks ettirmaydimi? Biz jamiyatning chirishini shaxsning inqirozi sifatida tushunmaymiz. Chunki shaxs mosuvo bo‘lsa, u butunlay mahv bo‘ladi. Undan endi ta’sirli harakat kutish qiyin. Holbuki, “jamiyat chirigan” deganda — bu ko‘pchilikning chiriganini, lekin uning zamirida kelajakda bo‘y ko‘rsatadigan yangi kuchlar yashayotganini ham tushunmoq kerak. Saljuqiylar tizimi ichdan chirigan bo‘lsa ham, bu jamiyat hali butunlay inqirozga uchramagan edi. Ma’lumki, ana shu muqarrar tanazzuldan keyin mazkur davlatning chekka o‘lkalarida yangi kuchlar paydo bo‘ldi, ularning yordami bilan xalq o‘zini himoya qilishga otlandi va tarixda yashab qoldi. Shunday bir davrda hajv yaratishga qodir kuchlarni hayot sahnasidan surib tashlash mumkin emasdi. Hajv ijodkorlari o‘sha paytda garchi bosh ko‘tarishga kuchlari yetmagani uchun yengilishgan bo‘lsa-da, kelajakda bu ishni amalga oshirish bilan yashaganlar. Xalq o‘sha payt ba’zi harakatlarni boshlagan, mo‘g‘ullarga, ular bilan til topishib yashayotgan sulton va beklarga qarshi bir necha bor isyon ko‘targan bo‘lsa ham biror natija chiqarolmagandi. Zero, biz Saljuqiylar hokimiyati ichdan chiriganini anglar ekanmiz, bu chirik jamiyatda hajv vujudga keltira oladigan aksil kuchlar borligini ham ko‘ramiz.

Xo‘ja Nasriddin Saljuqiylar davlatiga Alauddin Qayqubod I (1219- 1236), G‘iyosiddin Kayxisrov II (1236- 1246) va Alauddin II (1249-1257) singari hukmdorlar boshchilik qilgan davrda yashadi. Umrining asosiy qismi esa mamlakatning eng g‘ala-g‘ovur, eng hayajonli yillariga to‘g‘ri keldi. Bu hukmdorlar hokimiyat tepasida turgan davrlar orasida ham anchagina farq bor edi. Bu esa Xo‘ja Nasriddin hayotiga, uning dunyoqarashiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi.

Alauddin Qayqubod I davri Saljuqiylar hukmronligining eng mas’ud damlari hisoblanadi. Lekin bu davr tepasida qora bulutlar uymalasha boshladi. Mo‘g‘ullar dahshatli sel misoli Sharqdan G‘arbga bostirib kelardilar. Uzoqni ko‘ra bilgan Alauddin Qayqubod yurtini qo‘riqlash uchun Ko‘nyo, Qaysari va Sivas shaharlarida qal’a va to‘siqlar tiklagan edi. Ayni paytda u mazkur shaharlarda madrasalar, kasalxonalar barpo ettirgandi. Kuchli dushmanga qarshilik ko‘rsatish maqsadida u Jaloliddin Xorazmshoh bilan ittifoq tuzishni taklif qildi. Xorazmshoh bu tadbirni ahamiyatsiz qoldirdi. Natijada 1230 yilda mo‘g‘ullar bilan jangda og‘ir mag‘lubiyatga uchradi. Alauddin Qayqubod o‘lkasi va xalqini mudofaa qilish fikridan qaytdi va mo‘g‘ul xoni O‘qtoy no‘yon bilan sulh tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa u mamlakatni mo‘g‘ul bosqinidan asrab qoldi. Shu boisdan xalq uni sevib “Ulug‘ Qayqubod” deb atay boshladi.

Lekin bunday mas’ud damlar uzoq cho‘zilmadi. 1237 yili Qayqubod vafot etdi. Hokimiyat tepasiga uning o‘g‘li Kayxusrav II keldi. U juda irodasiz va bo‘sh odam edi. Davlatning oldingi iqtisodiy, moliyaviy va harbiy kuchi hali saqlanib turgan bo‘lsa ham, mamlakatda tijoratning kengayishi tufayli ancha-muncha boylik to‘plagan yangi bir tabaqa maydonga kelgandi. Bu tabaqa borgan sari xalqdan ajralib, kayfi safo botqog‘iga botib borardi. Isrofgarchilik haddan tashqari kuchaygandi. Mo‘g‘ullarning sharqdagi hujumlariga e’tibor bermay qo‘yildi. Undan keladigan taxlikaga parvo qilishmadi. Mo‘g‘ullar bosib olgan joylardan qochib, Onado‘liga to‘plangan turkmanlar nihoyat 1242 yilda Bobo Is’hoq boshchiligida Kayxusrav II ga qarshi isyon ko‘tardilar. Davlat qo‘shinlari Bobo Is’hoq isyonini juda qiyinchilik bilan katta qurbonlar evaziga bostirdilar. Mamlakatning ijtimoiy asoslari yemirila boshladi. Arzirumni ishg‘ol qilgan mo‘g‘ullar Onado‘lining markaziga qarab siljidilar. 1243 yili ular Saljuqiylarning 80 ming kishilik qo‘shinini parokanda qildilar. Kayxusrav yaqin odamlari bilan Alaniyaga qochib o‘tib, Istanbulda yashirinish yo‘llarini qidira boshladi. Mo‘g‘ullar jiddiy qarshilikka uchramay Sivasni ishg‘ol qildilar. Barcha erkaklarni qirib tashlab, ayollar va bolalarni asir qilib, haydab ketdilar.

Mo‘g‘ul bosqini tufayli xalq dahshatga tushib, g‘arbga qarab qocha boshladi. Butun mamlakat xarobaga aylangandi. Saljuqiylar davlati esa yemirildi. 1246 yilda Kayxusravning o‘limidan keyin Onado‘lining ahvoli yanada og‘irlashdi. Endi mayda feodallar va beklar o‘zaro urush olib borishardi. Bu esa mo‘g‘ullar istilosini osonlashtirdi. 1256 yili mo‘g‘ullar Ko‘nyoni ishg‘ol qilib G‘iyosiddinning zindondagi o‘g‘li Rukniddin Qilich Arslon IV ni taxtga o‘tqazdilar. Lekin mamlakatning asl hokimi mo‘g‘ullar edilar. Ular xohlagan odamni taxtga chiqarib, xohlagan paytlarida haydar edilar. Onado‘li mo‘g‘ullarning bir muzofotiga aylanib qoldi. Rukniddin qizi Saljuxotunni mo‘g‘ul lashkarboshisi Elxonga bergandi. Bu hodisa xalqni qattiq g‘azablantirdi. Musulmon bir podshoh qizini butparast mo‘g‘ulga berishi xalqqa og‘ir botgandi. Lekin mo‘g‘ullar zulmining og‘irligi, o‘limlar, zindonga tashlashlar ularga ovozlarini ko‘tarish imkonini bermasdi. Bunday ahvol mamlakatda iqtisodiy, ijtimoiy va axloqiy parokandalikni avj oldirib yuborgandi.

Xo‘ja Nasriddin hayotining jo‘shqin davri ana shu alg‘ov-dalg‘ov paytga to‘g‘ri keldi. Xalqqa xos qudratli hajv ham ayni shu davrda yaratildi. U xalqni ezuvchi ichki va tashqi dushmanni nishonga olardi. Bu hajvni “botqoqlikda yetishgan zaharli chechak” deb atash ayni muddao. Ammo bu zahar — tarkibida xalqning dardlariga darmon bo‘lguvchi, unga umid baxsh etuvchi og‘u bor edi. U xalqning dard-alamini yengillashtirar, hukmron sinfga qarshi kurashida madad berardi.

Umidsizlikning, chorasizlikning va qutulish yo‘lini topolmaslikning og‘ir yuki tufayli g‘am bosgan so‘lg‘in yuzlarida achchiq kulgi hosil qilardi bu hajv. Qullar marhamatsiz xo‘jayinlarining zulmiga barham berish uchun to‘qigan hazil va kinoya to‘la hikoyalar vositasida achchiq-achchiq kulishardi. Ular faqat shu yo‘l bilan yashash kuchini ko‘rsata olardilar. Bayron: ”Qaysi bir kadarli va g‘amgin narsaga kulsam, buning sababi yig‘lay olmaganimdir”, — degan edi. Bunday kulgida achchiq va og‘ir fikrlar bo‘ladi. Xo‘ja Nasriddin hajviyasi aynan shunday sharoitda yaratilgan edi. Uning latifalarining ko‘pi aynan achchiq-achchiq kuldirib, kishini o‘ylashga majbur qilgan hajviyaning eng go‘zal namunalaridir. Nozim Hikmat “Qutulish dostoni” nomli mashhur asarida xalq ahvolidan gapirarkan: “U Xo‘ja Nasriddin kabi yig‘lar, misli Zihni Bayburtlidek (1) kulardi”, — deb yozgan edi.

Shu tariqa u yaratilgan payti nuqtai nazaridan Xo‘ja Nasriddinni kuluvchi emas, yig‘lovchi odam timsoli qilib ko‘rsatganda haq edi. Nozim hikmat xalqning bu latifalar bilan yig‘lash evaziga kulganini ta’riflagandi.

Xo‘ja Nasriddin latifalarini muhim jihati shundaki, ayni chog‘da xalq orasidagi nuqsonlarni, chirkin jamiyat odamlarining qo‘rqoqligini, ikki yuzlamachiligini, soxtakorligini tanqid qilgandi. Biz Xo‘ja Nasriddin deganda ayni zamonda turk xalqining o‘zini tushunishimiz kerak. Bu latifalar bilan u turk xalqi o‘z- o‘ziga tanbeh berganini, o‘z nuqsonlari ustidan kulganini ko‘rsatadi.

Gyote: “O‘z ustidan kulishni eplay olmagan, o‘z nuqsonlarini ko‘ra olmaganlar komil inson bo‘la olmaydi”, degandi. Turk xalqi ham yuz yillar davomida yaratilgan Xo‘ja Nasriddinning ijtimoiy shaxsiyatida bir tomondan ezuvchilar, ikkinchi tomondan o‘z ustidan ham kuladi. Yurtining bunday ahvolga tushishida o‘zining ham mas’ul ekanini ko‘radi. Bu Xo‘ja Nasriddin hajviyasining eng ahamiyatli jihati edi. O‘z-o‘zini tanqid ahvol-ruhiyatiga molik bo‘lmagan hajv badbinlik ruhidan xalos bo‘la olmaydi. Xo‘ja Nasriddin hajviyasi esa “qora hajv” bo‘lishi bilan birga o‘ta nekbin hamdir.

Xo‘ja Nasriddin latifalarining xalq orasida keng yoyilishiga boshqa sabab ham bor. U mo‘g‘ul bosqinchilari davrida O‘rta va Yaqin Sharqda keng yoyilgan tariqatchilik va tasavvuf edi. Diniy yo‘l bo‘lgan tariqatchilik va tasavvuf bilan Xo‘ja Nasriddin latifalari orasida qanday aloqa, qanaqa munosabat bo‘lishi mumkin? Bir qarashda hech qanday. Lekin aslida munosabat va farq bor edi.

Mo‘g‘ullar istilosiga uchragan boshqa mamlakatlarda bo‘lgani singari Onado‘lida ham boshlangan jiddiy ijtimoiy inqiroz davrida muhim bir masala ko‘ndalang turar edi. Istilo davrida Turkiya ziyolilari xalqning kurash usullaridan butunlay boshqa bir yo‘l tanlashgandi. Bosqin paytining dahshatli kunlarida ziyolilar ham oddiy xalq singari ovozini chiqarolmasdi. Ayni chog‘da xalqdan farqli o‘laroq qutulish yo‘lini bilmagan bu tabaqa xudodan umid qilishardi. U paytlar Tangriga sig‘inish ham o‘zgacha ahamiyat kasb etgandi. Tasavvufchilar e’tiroficha, inson hayotidagi va jamiyatdagi har qanday yaxshilik va yomonlik shaxsiydir. Hayotda mavjud bo‘lgan barcha ashyolar va ularning turli shakl va hajmlari, tabiat va inson, ya’ni butun borliq — Tangrining boshqacha ko‘rinishidir. Har qanday ashyo va barcha hodisalar xudoga bog‘lansa, gunohkorlar bo‘lmaydi. Ollohning zuhuri bo‘lgan odamlar butun mavjudotning eng sharafli unsuridir. Zulm qilguvchi Ollohdir, zulmga duchor bo‘lguvchi ham o‘zi, ya’ni boshqa ko‘rinishdagi zuhuri insondir. Inson Ollohni o‘zida va boshqa joyda his qilish shuurini faqat “ishq” va “idrok” bilan bajara oladi. Bu shunday “ma’naviy olam” ediki, inson buni kashf qilish bosqichiga yetganda barcha yaxshilik va yomonlik kuchlariga bosh bo‘lgan ul “buyuk sir”ni ochib, saodatga erishgan hisoblanadi. Shunda u Ollohning boshqa bir shakliga aylanadi. XP-XSH asrlarda Sharqda keng yoyilgan tasavvuf falsafasining asosiy mohiyati shundan iborat edi.

O‘sha davr ziyolilari ixlos qo‘ygan tasavvuf mo‘g‘ul istilosi yuzaga keltirgan zulm va tushkunlik qarshisida hech qanday xalos bo‘lish yo‘li topa olmaganlar kurashga kuchlari yetmaganlar murojaat qilgan yagona yo‘l edi. Aslida esa bu haligi odamlarning muayyan hodisalardan o‘zlarini chetga olish demak edi. Kurashdan o‘zini chetga olish esa ular uchun qutilish hisoblanardi. Tasavvuf yo‘lini tutganlar uzlatga chekinib, muayyan va moddiy olamdan ko‘z yumishga urinadilar. Shu bilan birga tasavvuf istilochilariga qarshi kurash harakatdagi muvaffaqiyatsizliklar natijasi ham edi. Bunday muvaffaqiyatsizlik esa odamlarda tasavvuf doirasiga sig‘maydigan qo‘rquv tug‘dirgandi. Tasavvuf ham ana shu qo‘rquvning mahsuli edi va uning soyasida yoyilib, o‘ziga tarafdorlar to‘plardi. Buning ustiga ushbu qo‘rquv kurashga otlanib, muvaffaqiyat qozona olmaganlar orasida ko‘proq bo‘lgani uchun tasavvuf ham o‘shalar orasida ko‘proq tarqalardi.

Bu davrda Xo‘ja Nasriddinning zamondoshi bo‘lgan ko‘plab taniqli tasavvufchilar yetishgandi.. Bular orasida adabiy ijodi bilan dunyoga mashhur Mavlono Jaloliddin Rumiy va Yunus Emroni eslash joizdir.

Mavlononing ko‘proq fors, ozroq turkcha yozilgan she’rlari, Emroning xalq tilida sodda bitilgan asarlari tasavvufning yoyilishida katta o‘rin tutardi. Tasavvuf keng xalq ommasi orasida ham o‘ziga ko‘plab tarafdorlar to‘plagandi. Shunga qaramay, asosiy xalq ommasi zulmga, istiloga va u vujudga keltirgan parokandalikka qarshi kurash uchun yolg‘iz tasavvufdan madad olish bilangina kifoyalanmasdi. Kurashning boshqa vositalaridan ham foydalanardi. Hajviya ana shunday vosita edi. Hajv kurash tig‘ini ezuvchilarga qaratgan va qutulish vositasi bo‘lgan edi. Xuddi shunday hajviya Xo‘ja Nasriddinning ijtimoiy shaxsiyatida markazlashgandi.

Tasavvuf ezuvchilar bilan kurash uchun qo‘llanilsa ham, ularga qarshi asosiy qurol bo‘lolmasdi. Holbuki, hajv zulmkorlarga qarshi xalq kurashining o‘tkir quroli edi. Shu ham tasodif emaski, o‘rta asrlarda Yaqin Sharq adabiyoti va madaniyatining asosiy beshiklaridan biri bo‘lgan Turkiyada uyg‘onishning tamal toshlari ikki xil san’at namunasi tashkil qilardi. Bularning bittasi badbinlik ahvoli ruhiyasiga va hissiyotiga asoslangan san’at asarlari, ya’ni tasavvuf adabiyoti, ikkinchisi esa nekbinlik ahvoli ruhiyasi zaminida yaratilgan umidbaxsh san’at asarlari ediki, uning oldingi marralarida xalq hajviyoti hamda uning buyuk namoyandasi Xo‘ja Nasriddin turardi. Shu nuqtai nazardan Nasriddinni xalq faylasuf sifatida tanirdi. Xo‘ja Nasriddin esa ijtimoiy bir shaxs sifatida keng xalq ommasining mushtarak ijodiy mahsuli edi.

* XUSH-XIX asrlarda yashagan turk shoiri.

Fayzi Shohismoil tarjimasi

Manba: “Jahon adabiyoti” jurnali,1998/2 


برچسب‌ها: اؤزبکجه ملانصرالدین (Molla Nsrddin)...
ما را در سایت ملانصرالدین (Molla Nsrddin) دنبال می کنید

برچسب : نویسنده : mollanesreddino بازدید : 241 تاريخ : جمعه 26 آبان 1396 ساعت: 5:51