Aziz Nesin. Qaysi partiya yutib chiqadi? (hikoya)

ساخت وبلاگ

Aziz Nesin. Qaysi partiya yutib chiqadi? (hikoya)

– Murod og‘a har narsani biladi, – deyishdi.
Qishloqqa kelganimda bir necha marotaba Murod og‘aning uyida mehmon bo‘lgandim. Murod og‘ani bu safar uyidan emas, qahvaxonadan topdim.
– Murod og‘a, siz bilar ekansiz, har holda shunday deyishdi. Qani aytingchi, bo‘lib o‘tayotgan bu bahslarda qaysi partiya yutib chiqadi? – deya so‘radim.
– Vallohi alam, ma’lummas hali, – dedi.
– Axir qaysi partiya kuchli bo‘lsa o‘sha yutmaydimi?
– Yo‘q, bir narsa deyish qiyin oldindan. Oq qo‘y oqmi, qora qo‘y qorami bahs so‘nggida ma’lum bo‘ladi. Bu qishloqdagilarning qo‘y bilan ishi yo‘q, qancha so‘rama befoyda. Nega bilasanmi? Unda, eshit.
U o‘ng oyog‘ini o‘ziga tortdi, o‘ziga xos qilib chordona qurdi. Yaxshilab o‘rnashib olgach sigarasini olovlatib so‘z boshladi:
– Avvalo, bilib qo‘y jiyan, bizning mamlakatda partiya-martiya degan narsa yo‘q. To‘g‘ri, bor, faqat nomi bor, hech kim partiya haqida hech narsa bilmaydi. Biz u zamonlar partiyani hukumat deb bilardik. Ulkan bino – hukumat binosi, unda partiya joylashgan deyilardi. Vaqt o‘tib partiya ishi ish bo‘lmay qoldi, to‘g‘ri kelgan odam aralashadigan bo‘ldi. Tikuvchi Komil bir kun yonimga kelib “Murod og‘a, keling siz bilan shu yangi partiyaning bo‘limini ochaylik shu yerda” deb qoldi. “Qani, bu yerdan sur Komilboy, bu sen aytgan partiya deganing mayda-chuyda sotiladigan do‘kon emas, ishingni qil…” dedim. Uning izidan advokat Rizo bey keldi. U ham birga partiya ochaylik, dedi. Aytishicha, u yangi partiyaning kattasi bilan gaplashibdi, masala halmish. Maktub yozishganmish. Ular “Bu mamlakat so‘zingizni tinglaydi, partiyaning bo‘limini oching”, deyishibdi. “Qo‘ying o‘g‘lim, aqlingiz yetmasa keragov, – dedim. – Bir paytlar o‘lkamizda “Erkin jamiyat” nomli tashkilot ishga tushgandi. Uni qurganlarni toshbo‘ron qilishdi. Birortasi yurtimizda qololmadi, muhojirlik to‘rvasini yelkaga osib, vatandan chiqib ketishdi”. Advokat Rizo bey “Yo Xudoyimey, Murod og‘a, hozir boshqa zamon… U davrlar o‘tdi. Hozir Amerikada qanday bo‘lsa, bizda ham shu. Har bir inson biror partiya a’zosi bo‘lishga majbur”, dedi. Uning gapiga kirdik, cho‘zib o‘tirmay partiya tuzdik. Biz partiya tuzgach boshqa partiyada qancha odam bo‘lsa bari bizga oqib kelaverdi. Partiyaning kotibi ro‘yxatga olib charchab ketdi. O‘lay agar, buncha odamni nima qilamiz? Meni qo‘rquv bosdi, jiyan, so‘rama… Advokat Rizo bey bizning yo‘lboshchimiz. Unga havotirlanib “Rizo bey, shu ro‘yxat to‘ldi deylik, boshimizga kulfat tushmasin tag‘in”, dedim. “Hech narsa bo‘lmaydi, – deya dalda berdi u. – Partiyaning odami qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Qanchalik tarafdorlarimiz ko‘p bo‘lsa, hukumat bizniki bo‘ladi”. Boshqa partiyadan bizga qo‘shilyotganlar yetmayotgandek, umrida partiya degan so‘zni eshitmaganlar ham kela boshladi, jiyan. Buning oxiri nima bo‘ladi? Yo Xudoyim… Omonni, zamonni anglagan bormi birorta? Kelgan odam partiyamizga kirardi. Mamlakat tarafdorlarimiz bilan to‘ldi, jiyan. Tepadan kimdir bilib qolsa kovushimizni to‘g‘irlashi aniq. Hech bo‘lmasa men shu partiyadan chiqib, boshqasiga kiray, dedim. Bizga partiya markazidan tabriklar kela boshladi. Bizning advokat Rizo bey shunday nutq so‘zlardiki, oh-oh, go‘yo olqishdan bozor yiqilib ketay derdi. Shunday paytda, jiyan, bir xabar keldi, partiyamizning katta boshlig‘i keladi, degan… Yetti yoshdan yetmish yoshga qadar barimiz yurt yo‘llariga to‘kildik. Kimdir buni ko‘rib qolsa, bizni egasiz qo‘ylarday mamlakatning to‘rt tomoniga tarqalib ketishibdi, derdi. Biz advokat Rizo beyni yaxshi nutq so‘zlaydi deb yurgan ekanmiz. Sen nutqni bizning katta boshlig‘imizdan eshitmabsan. U shunday to‘lqinlanib, chayqalib, rolga kirib gapirardiki, millat ho‘ngir-ho‘ngir yig‘lardi. So‘ng yana shunday gapirardiki, millatning kulaverib ichagi uzilardi. Bir yig‘latadi, bir kuldiradi. Go‘yo tugmamiz uning qo‘lida. Tugmani bu tarafga burasa tinmay ko‘zyosh to‘kamiz, boshqa tarafga burasa tinmay qahqaha otamiz.
Nutq tugagach partiyamiz binosiga tashrif buyurdi. Advokat Rizodan:
– Qishloqning aholisi qancha? – deb so‘radi.
Rizo bey:
– Yigirma to‘rt ming, – dedi.
Katta boshlig‘imiz:
– Ovoz berishga kirmaydiganlarni aholiga qo‘shma, – dedi.
– Ulardan tashqari taxminan o‘n ikki ming…
– Bizning partiyaga qanchasi a’zo?
– To‘qqiz ming…
Katta boshliq:
– Unday bo‘lsa bu qishloqda yetarlicha ovoz to‘plabmiz, – deya baqirib yubordi.
Keyin, jiyan, katta boshlig‘imiz ketdi. Narigi partiyani qo‘rquv bosgandi. Darhol uning rahbari qishlog‘imizga keldi. U kelishidan avval men partiyamizdan chiqib, boshqasiga kirmoqchiydim, ulgirolmay qoldim. Bu safar u ham bir nutq so‘zladi. O‘lay agar, jiyan, nutq bo‘lsa shunchalik bo‘ladi. Masjidda mavlud o‘qilsa bunchalik yig‘lashmaydi. Nutqi yakunida:
– Yurtdoshlar, – dedi, – biz hokimiyat tepasiga chiqsak, har bir odamga ming liradan kredit ajaratamiz.
Voy jiyan, voy, pul berilishini eshitib shunday narigi partiyaga ko‘chish bo‘ldi. Ertasi kun advokatimiz Rizo bey boshini ushlab, tizzasini quchoqlab yig‘lay boshladi.
– Nima bo‘ldi Rizo bey, tishingiz og‘riyaptimi? – deya so‘radim.
– Tishlarim protez, ming shukrki, og‘rimaydi. Undan yomon xabar bor, barcha tarafkashlarimiz narigi partiyaga o‘tib ketishdi.
– Bizda hech kim qolmadimi?
– Quruvchilar va kredit berilishini eshitmaganlargina qoldi.
Men ham ichburug‘ bo‘lgan odamday burala boshladim. Dodlab sochimni yulaman, Rizo bey ham mendan qolishmaydi.
– O‘lay agar, Rizo bey, – dedim, – bunday soch yulish bilan ish bitmaydi. Tur, biz ham narigi partiyaga kiraylik tezroq. Kech qolsak ro‘yxat to‘ldi, deb olishmaydi.
– Shoshilmay tur, markazga qo‘ng‘iroq qildim, ko‘raylikchi, nima javob kelar ekan?
Jiyan, qishloqda shunday savdolashish boshlandi, shunday savdo qaynadi, ko‘rmading, ko‘rmadingda. Millat pulsevar, bolam.
– Bu nima sharmandalik, pulni ko‘chadan supurib olyapsizlarmi? – deyman.
– Bu partiya falon pul berishyapti ekan, – deya og‘zimga urishadi. Daryoni ko‘rmay etik yechiladimi hech jiyan? Bizda yechiladi!
Advokat Rizo ohlagancha boshini ushlab:
– E-voh, ovozlarni yo‘qotdik, – deya baqiradi. Baqirganidan tog‘u tosh titraydi.
Shu desang partiyamiz boshlig‘i yana to‘rt marta shoshilinch kelib ketdi. Xudo haqqi, bir safar mashinadan tushib o‘tirmadi, oyog‘ining changi bilan to‘g‘ri ustiga chiqib, shunday nutq so‘zladiki. Alloh-Alloh! Lof deganing nima? Bir og‘zini ochadi millat kuladi, bir og‘zini ochadi millat yig‘laydi. Eng oxirda:
– Yurtdoshlar, – dedi, – bu yerga mendan avval bittasi kelibdi, sizlarga saylov yakunlangach, kredit beraman debdi. Biz, xudo xohlasa, hokimiyat tepasiga chiqsak, ikki ming liradan kredit ajratamiz.
Oh jiyan, yo‘q eding, ko‘rmadingda. Partiyamizning to‘qqiz ming a’zosi bor edi. Sakkiz ming yetti yuzi boshqasiga o‘tgandi. Ikki ming lirani eshitganlar yana partiyamizga qaytib keldi, avvallari to‘qqiz ming a’zomiz bo‘lsa, endilikda o‘n bir mingga yetib qolgandik. Advokat Rizo:
– Bu safar aniq yutib chiqamiz, – derdi.
Faqat Rizo bey emas, hamma shunday derdi. Shaharchada shunday savdo-sotiq boshlandi, oldingisi hech narsa emas.
– Iya bu nimasi endi? – deyman.
– Narigi partiya bergan pul tugadi, endi sizning partiya va’da qilgan ikki ming lirani kemirmoqchimiz, – deyishardi. Jiyan, bizning hamqishloqlar dono odamlar! Qo‘liga tushgan pulni yeydi, uni yeb tugatgach, boshqasiga o‘tadi. Bu safar narigi partiyadagilar ishga kirishdi. Ularning rahbari keldi.
– Ikki ming lira beramiz deb sizni aldashibdi, – dedi.
Partiyamiz a’zolaridan biri:
– Aldashgani yo‘q, – dedi, – qanday aldashadi. Biz ular aytgan pulni yeb tugatdik allaqachon…
Rahbar:
– Mayli, aldashmagan bo‘lsaku mayli, – dedi, – u partiya oila boshiga ikki ming lira bersa, biz kishi boshiga ikki ming liradan berishga qaror qildik. Bormi biror gapingiz?
Qishloqdagilar nutqining qolganini eshitib o‘tirishmadi. Hamma shoshilib u partiyaga o‘ta boshladi. Bizning partiya yana bo‘shab qoldi. Rizo bey:
– E-voh, saylovda yutqazamizku, – deya tinmay oh uradi.
Men bu safar yaxshisi u partiyaga o‘tib qolay dedim. Narigi partiyaning kishi boshiga ikki ming liradan kredit berilishini eshitgan ota aholisini ko‘paytirishga shoshiladi. Mulla nikoh qiyib charchab qoldi. Yo tovba, bu ketishda mamlakatga sig‘may qolamizov.
– Iya o‘g‘lim, bu nima qilganingiz tag‘in? – deya hayratlanaman.
– Jonajon vatanimiz kelajagini yaratyapmiz, – deydi.
Yo Xudoyim, yo tovba vatan kelajagi shunday yaratiladimi? Shu desang jiyan, partiyamiz katta boshlig‘i yana tashrif buyurdi. O‘lay agar, ayni vaqtida keldi. Agar bir kun kech qolsa aniq partiyamizda birorta a’zo qolmasdi, nafaqat bizda, boshqasida ham. Kelishi bilan shunday nutq so‘zladiki…
– Vatandoshlar, – deya so‘z boshladi, – anavi partiya sizga kishi boshiga ikki ming liradan kredit beraman deb aldagan. Bilib qo‘yinglar, bizning partiya odam boshiga ikki ming lira beradi, hatto foizini ham olmaydi.
Eshitganlar partiyamizga gur etib qaytib keldi. Advokat Rizo saylovda aniq yutamiz deb do‘ppisini osmonga otardi.
– Rizo bey, tezroq shu saylov bo‘lsa yaxshi bo‘lardi, – dedim. – Mabodo narigi partiyadan kelishib narhni oshirishsa yana o‘sha yoqqa qarab jo‘naydi bu bachchag‘arlar.
Aytganimday bo‘ldi. Narigi partiya rahbari keldi.
– Hamyurtlar, – dedi, – kredit foizini olmaslik nima gap? Biz foiz ham olmaymiz, shuningdek, avvalgi qarzlaringizni ham unutamiz. Kreditdan birorta qarzdor odam qolmaydi yurtimizda, insholloh!
Maydonni bir ko‘rmadingda, jiyan, to‘y bo‘layotgan joyga aylandi. Kimdir surnay chaladi, kimdir qo‘shiq aytadi… Qiyomatning o‘zi!
– Nima qilamiz Rizo bey? – deya so‘radim.
– Yondik Murod og‘a, adoyi tamom bo‘ldik, – dedi. – Partiyamizda birorta odam qolmadi, hammasi narigiga o‘tib ketdi.
– Yuring, biz ham vaqt borida o‘taylik.
– Shoshilma, katta boshlig‘imizga xat yubordim. Ko‘raylikchi, kredit qarzlarini o‘chirgach ustiga nima berishar ekan?
Saylovda adolat qolmadi, bolam. Bugun-erta saylovlar bo‘ladigan, yaqin qolgani uchun prapaganda taqiqlandi, pul beramiz desakkina kelisharmish a’zolar. Afsus, kech qoldik… Partiyamizda nari-beri yuz kishi bor, narigi partiyada esa o‘n sakkiz ming odamga yetibdi.
– Yo tovba, Rizo bey, qishlog‘imizda bunchalik odam yo‘q, bular qayerdan keldi? – deya savol berdim.
– Kredit qarzdorligi o‘chirilishini eshitishdi, bir odam partiyaga ikkita deb yozildi, – dedi.
– Bizdagi haqiqiy saylovchilar qancha?
– O‘n ikki ming…
– Menga endi ruhsat Rizo bey. Bu ish partiya ishi. Bu ishda siqilish yaramaydi. Men yaxshisi narigi partiyaga o‘taqolaman. Maylimi?
Xullas, jiyan, narigi partiyaga o‘tdim.
Murod og‘a qahvaxonachiga uchinki marotaba qahva buyurdi. Boshqatdan chordona qurdi, oyoqlarini o‘zgartirdi, o‘ng oyog‘ini iyagi ostiga qo‘ydi. Mendan so‘radi:
– Xo‘sh, jiyan, o‘zing ayt… Partiyaning birida o‘n sakkiz ming a’zo bor, boshqasida esa mingta ham chiqmaydi. Qani aytchi, saylovda qaysi partiya yutib chiqdi?
– Murod og‘a, buning nimasini so‘raysiz? Albatta o‘n sakkiz ming a’zosi bor bo‘lganda!
– Bilmading jiyan, bilmading. Saylovda bizning partiyamiz, men tark etgan partiya yutib chiqdi. Men o‘shanga ovoz berdim, tushundingmi? Yangi kirgan partiyamga bermadim. Bizning ish shunday, bolam. Bittasi keladi ikki ming beraman deydi, gur etib o‘shanga o‘tishadi, biri keladi uch ming beraman deydi, yana gur etib shunga o‘tishadi. Biroq quloq solma, saylov vaqti keldimi, har kim o‘z bilganini qiladi.
– Maylikuya, nega bunday bo‘ladi axir?
– Jonim jiyan, birov keladi, ikki ming lira kredit beraman deydi, uning puli bekorga ketsinmi? Puli behudaga ketmasin deb, uning partiyasiga o‘tiladi. Pul qo‘lga o‘tmasdan yengib chiqilsa, bu boshqa gap, xuddi o‘shandagidek… Pulni eshitgan yana boshqa tomonga o‘tadi. Ammo saylovlar boshlangach, ko‘ngliga qaysi partiya yoqsa, o‘shanga ovoz beradi. Jiyan, shuning uchun bu ish oldindan ma’lum bo‘lmaydi. Birortamizni yoqamizdan tutib so‘rasang, senga ovoz beramiz, deymiz. Ishonma! Etiklar kiyilganida ma’lum bo‘ladi hammasi. Xo‘sh, jiyan, qahva ichasanmi yana?

Turk tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi

Ziyouz.uz


برچسب‌ها: اؤزبکجه, عزیز نسین, ادبیات

ملانصرالدین (Molla Nsrddin)...
ما را در سایت ملانصرالدین (Molla Nsrddin) دنبال می کنید

برچسب : نویسنده : mollanesreddino بازدید : 13 تاريخ : يکشنبه 13 اسفند 1402 ساعت: 16:36